Jahon | 07:39 / 04.09.2015
3190
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya bosh vaziri mamlakat qochqinlarni qabul qilishda davom etishini ma'lum qildi

Turkiya uning hududiga kelayotgan barcha qochqinlarni qabul qilishda davom etadi. Bu haqda Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu ma'lum qildi

“Turkiya suriyaliklar, iroqliklar, arablar, kurdlar, sunniylar, shialar, musulmon va nasroniylarga eshigini qanday ochiq tutgan bo‘lsa, bu yog‘iga ham shunday ochiq tutadi. BMT eng ko‘p miqdorda qochqinlar kelgan davlatimizning sa'y-harakatlarini tan oldi. Biz Suriya va Iroqda bosim ostida qolib tinchlik izlagan 2 mln dan ko‘proq odamga boshpana berdik”, deb aytdi bosh vazir.

Turkiya sohilbo‘yida 12 muhojirning o‘limiga izoh bera turib, Dovudo‘g‘lu Yevropa Ittifoqi davlatlarini muhojirlarga yordam berish borasida vijdonan yo‘l tutishga chaqirdi.

“Yevropa yetakchilariga haqiqatni ko‘rish vaqti keldi. Bu haqiqat shundaki, bu masala huquqiy, siyosiy, xalqaro muvozanat masalasi bo‘lishdan tashqariga chiqib ketdi. Bu masala insoniyat vijdoni va kelajagi masalasi darajasiga chiqdi. Agar tarix bu yukni faqat bizning gardanimizga yuklasa, biz uni ko‘taramiz. Biroq bu boshqa davlatlar, birinchi navbatda Yevropa ularning qo‘llaridan kelgan narsani qilmaganliklari holatini hech qanaqasiga o‘zgartirmaydi”, deb o‘z so‘zini yakunladi Turkiya bosh vaziri.