Xitoylik ayol lag‘mon yeyayotganda 15 santimetrli qoshiqni yutib yubordi
Xitoyning Tszyansu viloyatidagi Yanchjou shahri shifokorlari bir ayolning oshqozonidan 15 santimetrlik qoshiqni chiqarib olishdi. Bu haqda The Shanghaiist nashri ma'lum qilmoqda.
27 yoshli Van familiyali bu ayolning aytishicha, u qoshiqni tushlik paytida lag‘monga qo‘shib yutib yuborgan. Voqea tafsilotlari ma'lum qilinmagan. Biroq shifokorlar bunday holat tasodifan bo‘lishi dargumonligini aytishmoqda.
Shifokorlarga ayolning oshqozonidan unga ichki jarohatlar yetkazmagan holda qoshiqni chiqarib olishlariga 2 soat talab qilindi.
Iyun oyida Xitoyning Uxan shahri universitetida tahsil oluvchi talaba qiz 14 santimetrli metall qoshiqni yutib yuborgandan keyin shifoxonaga yotqazilgan. Qiz muzqaymoq yeyayotganda talabalardan biri uni turtib yuborgan. Qiz bundan chinqirib baqirganda qoshiqni beixtiyor yutib yuborgan.