Jahon | 15:29 / 05.09.2015
4940
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh olimlari demokratik tinchlik nazariyasini inkor qildi

Amerikalik siyosatshunoslar demokratik tinchlik nazariyasini amaliyotga tatbiq etish imkoniyati yo‘qligini tan oldilar. Tadqiqot natijalaridan ma'lum bo‘lishicha, butun dunyoda demokratiya o‘rnatilgan taqdirda ham demokratik davlatlar o‘rtasida urush kelib chiqishi mumkin. Tadqiqot natijalari Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etildi.

Tadqiqot Ogayo universitetida o‘tkazildi. Uning asosiy xulosasi shundan iboratki, demokratik rejimlar o‘rtasida tinchlikni saqlashda demokratik qadriyatlar emas, balki savdo-iqtisodiy aloqalar va xalqaro hukumatlararo tashkilotlarga a'zolik hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ularning safiga “oltin milliard” davlatlari (AQSh, Kanada, Yaponiya, YeI, Isroil va Janubiy Koreya) kiradi.
O‘z tadqiqotlarida olimlar 1948 yildan 2000 yilgacha bo‘lgan harbiy ixtiloflarning tendensiyalarini tahlil qilib chiqishdi va shu asosda o‘z modellarini yaratishdi. U ilgari bo‘lgan ixtiloflarni ta'riflab, shu asosda keyingi o‘n yillikda sodir bo‘lishi mumkin ixtiloflarni bashorat qiladi.

Nemis faylasufi Immanuil Kant 1795 yili yozilgan “Abadiy tinchlik sari” nomli ishida mamlakatlar orasida urushlar kelib chiqmasligi uchun 3 shartga amal qilish kerakligini ta'kidlab o‘tgan edi – demokratik rejimlarning tarqalishi, rivojlangan savdo-iqtisodiy aloqalarning bo‘lishi va xalqaro tashkilotlarga a'zo bo‘lish. Bu falsafa tadqiqot uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Olimlar bu omillarning turli davlatlar o‘rtasidagi ixtiloflarning kelib chiqish tendensiyalarida qay darajada aks etishini o‘rganishdi. Shu asosda ixtiloflarga birinchi galda oxirgi ikki omil ko‘proq ta'sir o‘tkazishi haqidagi xulosaga kelindi.