FIFA prezidentligiga nomzod Chxon Mon Jun saylovoldi dasturining 2 bandini futbol ishqibozlari to‘ldiradi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) prezidentligiga nomzod janubiy koreyalik Chxon Mon Jun o‘zining saylovoldi dasturini namoyish qildi. Bu haqda VVS xabar bermoqda.
FIFAning sobiq prezident o‘rinbosari dasturi 10 banddan tashkil topgan bo‘lib, ularning ikkitasini futbol ishqibozlari mustaqil tarzda to‘ldirishlari mumkin.
Bundan avvalroq braziliyalik Ziko ham o‘z saylovoldi dasturini e'lon qilgan edi.
Chxon Mon Jundan tashqari Yevropa futbol assotsiatsiyalari kengashi (UYeFA) rahbari Mishel Platini ham FIFA prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surgan. Shuningdek, braziliyalik sobiq futbolchi David Jinola, argentinalik futbol yulduzi Diyego Maradona, Iordaniya shahzodasi Ali bin al Husayn va boshqalar ham FIFA prezidentligi uchun kurash olib borishni rejalashtirgan.
FIFA rahbariyatining navbatdan tashqari saylovi 2016 yilning 26 fevralida bo‘lib o‘tadi. Unga qadar iyun oyida ro‘y bergan bir qator janjallardan so‘ng o‘z iste'fosini e'lon qilgan Yozef Blatter tashkilot rahbarligini davom ettiradi.