Iqtisodiyot | 07:05 / 05.09.2015
3275
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston hukumati AI 92/93 benzinlari uchun chakana narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishidan voz kechdi

Qozog‘iston hukumati AI 92/93 benzinlari uchun chakana narxlarning davlat tomonidan tartibga solinishidan voz kechdi, deb ma'lum qildi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Bokitjon Sog‘intoyev. Bu haqda “Novosti-Kazaxstan” axborot agentligi ma'lum qildi.

“Hukumati tomonidan AI 92/93 markasidagi benzinning ichki bozorda taqchilligining yuzaga kelmasligi maqsadida uning narxini davlat tomonidan tartibga solishdan voz kechish haqida qaror qabul qilindi”, deb aytdi Sog‘intoyev 4 sentabrdagi matbuot-anjumanida.

“Biz ishlab chiqarayotgan benzin hajmi ichki ehtiyojlarni to‘la qoplashga yetmaydi, shuning uchun biz asosan Rossiyadan benzin olib kiramiz. Biz tenge narxining erkin kursiga o‘tganimiz bois rubl va tengening nisbati keskin o‘zgardi... Agar biz shunday davom etaversak, unda tez orada mamlakatda bu benzinning katta taqchilligiga duch kelamiz. Bizda yetarlicha zaxira bor, biroq agar Rossiyadan kirim bo‘lmasa, unda bu zaxira tezda sovurilib ketadi”, deb qo‘shimcha qilmoqda Sog‘intoyev.

Shu bilan birga hukumat benzin narxi qanchaga oshishi haqida aniq prognozlar bermadi.
“Benzin qanday narxgacha ko‘tarilishiga hech kim javob bera olmaydi. Balki 140, balki 150 tengegacha ko‘tarilar, yoki 142, 143 tenge atrofida bo‘lishi mumkin. Boshida qandaydir sakrash bo‘ladi, lekin vaziyat barqarorlashgandan keyin hammasi iziga tushib ketadi, deb kutmoqdamiz. Hukumat albatta bunda suiiste'mol qilishga, kimgadir keragidan ortiqcha pul ishlab olishga yo‘l qo‘ymaydi”, deb aytmoqda Qozog‘iston energetika vaziri Vladimir Shkolnik.

Shkolnik mamlakatdagi neft mahsulotlari bozorida AI92 benzinidan tashqari, vaziyat yetarlicha barqaror ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

2015 yilning mayida Qozog‘iston energetika vazirligi QQSni hisobga olgan holda benzin markalari uchun quyidagi narxlarni belgilab qo‘ygan edi: dizel yoqilg‘isi — bir litr uchun 99 tenge; AI-80 — bir litr uchun 89 tenge va AI-92/93 – bir litr uchun 108 tenge.

Ekspertlar bunday qadamning oqibatlarini baholashga tushib ketdilar. Iqtisodiy sharhlovchi Denis Krivosheyevning prognozlariga ko‘ra, yaqin orada Qozog‘istonda AI-92/93 benziniga narxlar oshib ketadi. Uning fikricha, bu markadagi benzin narxi 148 tengecha ko‘tarilib ketishi mumkin.