Sport | 06:30 / 05.09.2015
2494
2 daqiqa o‘qiladi

Qozon meri Ilsur Metshin “Rubin” futbol jamoasi prezidenti etib tayinlandi

Qozon meri Ilsur Metshin “Rubin” futbol jamoasi prezidenti bo‘ldi.
4 sentabrda Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov raisligida “Rubin” vasiylik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi va unda “Rubin”ga 2012 yildan beri prezidentlik qilib kelayotgan Valeriy Sorokinning iste'fosi qabul qilindi. Sorokin o‘z lavozimiga Qozon meri Ilsur Metshin nomzodini tavsiya qildi. Metshin bir ovozdan “Rubin”ning yangi prezidenti etib saylandi.

“Vasiylik kengashi Valeriy Sorokinga “Rubin” futbol klubi prezidenti lavozimida amalga oshirgan jiddiy ishi, ayniqsa moliyaviy intizom va moliyaviy oqimlarning ochiq-oydiligini oshirish borasidagi sa'y-harakatlari uchun katta minnatdorchilik bildiradi”, deyilmoqda xabarda.

Yangi prezidentga qozonliklar bosh murabbiyi Rinat Bilyaletdinov bilan shartnomani bekor qilish vazifasi topshirildi.

31 avgust kuni Minnixanov jamoa o‘yinining past darajasi tufayli Sorokin va Bilyaletdinovga o‘z lavozimlarini ixtiyoriy ravishda tark etishni taklif qilgan edi.

Rossiya chempionatining 7 turidan keyin “Rubin” o‘z hisobida bor-yo‘g‘i 3 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalining oxiridan bitta oldingi 15-o‘rinni egallab turibdi.