Samsung kir yuvish paytida qo‘shimcha kir qo‘shish imkonini beruvchi kir yuvish mashinasi yaratdi
Berlinda bo‘lib o‘tayotgan IFA 2015 ko‘rgazmasida Samsung kirlarni yuvish paytida qo‘shimcha kir qo‘shish imkonini beruvchi kir yuvish mashinasini taqdim qildi. Bu haqda Samsung blogida ma'lum qilindi.
Statistikaga ko‘ra, 90 foiz yevropalik iste'molchilar kir yuvish mashinasi ishlay boshlagandan keyin unga kir qo‘shmoqchi bo‘lgan vaziyatiga duch kelganlar. Biroq qopqog‘i old qismida joylashgan kir yuvish mashinalarida buni qilishning iloji yo‘q, chunki agar qopqoqni ochib kirni solmoqchi bo‘lsangiz, barabandagi suv oqib ketadi. Samsung’ning yangi kir yuvish modeli WW8500 AddWash kir yuvish paytida qo‘shimcha kirni qo‘shishga imkon beradigan yana bitta qopqoq bilan jihozlandi.
Bundan tashqari, ushbu model Android va iOS operatsion tizimida ishlovchi smartfonlar bilan sinxronlashtirilishi va misol uchun, kir yuvish sikli yakunlangani haqida xabar yuborishi mumkin.