Saudiya qiroli uchun Vashingtondagi mehmonxonaga oltin mebel olib kelindi
Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz as-Saud AQSh prezidenti Barak Obama bilan muzokaralar uchun Vashingtonga tashrif buyurdi. Bu haqda The New York Post nashri xabar bermoqda.
U Vashingtondagi Four Seasons tarmog‘i mehmonxonasiga joylashgan. U bilan birga Vashingtonga ming kishi tashrif buyurdi. Mehmonlar uchun maxsus muassasaga oltin mebellar, ko‘zgular, chiroqlar olib kelishdi. Shuningdek, garaj poliga qizil gilam to‘shalgan.
Mehmonxonaning standart xonasida bir kecha tunash narxi 500 dollarga teng. Lyuks toifasidagi eng arzon xona narxi – ming dollar. Qirol 222 o‘rinli mehmonxonani bir necha kunga to‘laligicha band qilgan.
Bundan tashqari, The Wall Street Journal muxbiri Twitter’da qirol korteji rasmini joylashtirdi. U S toifasidagi Mercedes-Benz va Cadillac Escalade mashinalarining oxiri ko‘rinmaydigan qatoridan iborat.