Tojikiston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari terrorchilik guruhini tashkil qilishda ayblanmoqda
Tojikiston IIV qurolli bosqinchilik va 8 nafar militsiya xodimining o‘limi hamda terrorchilik guruhi tashkil qilish uchun javobgarlikni mamlakat mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari general-mayor Abduhalim Nazarzoda zimmasiga yukladi. Bu haqda TASS axborot agentligi muxbiriga Tojikiston IIV matbuot xizmati ma'lum qildi.
Matbuot xizmati vakilining aytishicha, Nazarzoda fuqarolik urushi paytida qurollangan tojik muholifatining dala qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan va tinchlik sulhi tuzilgandan keyingi reintegratsiya paytida mudofaa vazirligidagi xizmatga tayinlangan.
2014 yilda Nazarzodaga general-mayor unvoni va mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimi berilgan.
“Shu bilan bir vaqtda Nazarzoda vaziyatni barqarorsizlantirish maqsadida hukumatga qarshi harakatlarni amalga oshirish uchun qulay fursatni poylab yurgan”, deyilmoqda IIV matbuot xizmatida.
Kuchishlatar tuzilmalar o‘tkazgan maxsus operatsiya davomida Nazarzoda yashaydigan uyda va Vaxdat tumanida unga tegishli bo‘lgan non kombinatida katta miqdorda qurol-aslaha va o‘q-dorilar topilgan.
IIV ma'lumotlariga ko‘ra, hozirda o‘z lavozimidan chetlatilgan Nazarzoda bir necha o‘nlab o‘z taradorlari bilan birga Dushanbeda sharqqa tomon 40 km uzoqlikdagi Romit tog‘ darasiga yashiringan. Bu yerda fuqarolik urushi davrida muholifat jangarilarining tayanch bazasi bo‘lgan.
Hozirda jinoiy guruhni yo‘q qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning aytishicha, Nazarzoda “terrorchilik harakatlari, o‘z lavozimini suiiste'mol qilishda” ayblanmoqda va qattiqqo‘llik bilan qonunan javobgarlikka tortiladi.