Sport | 11:41 / 06.09.2015
3358
3 daqiqa o‘qiladi

Yevro-2016. Saralash bosqichi, Ye guruh: Shveytsariya Sloveniyaga 80-daqiqada 0:2 hisobida yutqaza turib, uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi

2016 yilgi Yevropa chempionatining saralash bosqichida Ye guruhining 7-turida Shveytsariya terma jamoasi Bazeldagi “Sankt-Yakob Park” stadionida 0:2 hisobida Sloveniyaga yutqaza turib, uchrashuvni 3:2 hisobida o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘ldi.

1-bo‘limning oxirida Milivoye Novakovich mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Tanaffus boshlangandan bir necha daqiqa o‘tib Boshtyan Tsesar hisobni 0:2 ga yetkazdi. 80-daqiqada shveysariyaliklar hisobdagi farqni Yosip Drmich to‘pi evaziga qisqartirishga muvaffaq bo‘ldilar. 4 daqiqa o‘tib Valentin Shtoker hisobni tenglashtirdi. Qo‘shimcha vaqtning 4-daqiqasida Yosip Drmich dublga erishib, o‘z jamoasining g‘alabasini ta'minladi.

Yevro-2016. Saralash bosqichi, E guruhi. 7- tur
Shveytsariya – Sloveniya – 3:2
Gollar: Novakovich, 45 (0:1); Tsesar, 48 (0:2); Drmich, 80 (1:2); Shtoker, 84 (2:2); Drmich, 90+4 (3:2).
Ogohlantirishlar: Shyor, 55; Lixtshtayner, 63; Bexrami, 64; Djyemaili, 64 – Kampl, 24; Novakovich, 34; Pechnik, 64; Xandanovich, 65; Ilichich, 88.

Guruhdagi yana bir uchrashuvda Angliya terma jamoasi mehmonda San-Marino terma jamoasini 0:6 ko‘rinishdagi yirik hisobda mag‘lub etdi.
To‘plardan birini Ueyn Runi kiritdi hamda Angliya terma jamoasi uchun kiritgan to‘plari soni bo‘yicha Bobbi Charltonning rekordini takrorladi. Futbolchi Angliya terma jamoasi safida o‘zining 49-to‘piga mualliflik qildi.
Shuningdek, ushbu o‘yinda “Arsenal” o‘yinchisi Teo Uolkott dublga erishdi.

Yevro-2016. E guruhi. 7- tur
San-Marino – Angliya – 0:6
Gollar: Runi, 13 (0:1, pen); Brolli, 30 (0:2, avtogol); Barkli, 46 (0:3); Uolkott, 68 (0:4); Keyn, 77 (0:5); Uolkott, 78 (0:6).
Ogohlantirish: Berardi, 12 (San-Marino).

Ushbu guruhdan o‘rin olgan yana bir uchrashuvda Estoniya o‘z qo‘shnisi Litva ustidan 1:0 hisobida minimal ustunlikka erishdi. Uchrashuvdagi yagona to‘pni 71-daqiqada Konstantin Vasilev kiritdi.

Estoniya – Litva – 1:0
Gol: Vasilev, 71 (1:0).
Ogohlantirishlar: Pure, 79; Dmitriyev, 87 – Matulyavichus, 30; Jalyukas, 65; Chesnauskis, 69.

7 turdan keyin Ye guruhidagi vaziyat quyidagicha ko‘rinish oldi: 1. Angliya — 21 ochko; 2. Shveytsariya — 15; 3. Estoniya — 10; 4. Sloveniya — 9; 5. Litva — 6; 6. San-Marino — 1.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish