15:24 / 06.09.2015
2819

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bolalar uchun aksiya o‘tkazdi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida “Kasaba uyushmalari – bolalarga” aksiyasi tashkil etilib, aksiya doirasida ilk bora maktab ostonasiga qadam qo‘ygan 12 ming nafar 1-sinf o‘quvchilari uchun “Tozalik, ozodalik – salomatlik garovi” tadbiri o‘tkazildi. Bu haqda tashkilotning matbuot xizmati tomonidan tahririyatga yuborilgan xabarnomada aytildi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – bolajonlarga kichik yoshidanoq sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini singdirish, shu maqsadda yuz-qo‘llari, kiyim-kechaklari va o‘quv anjomlarini ozoda tutish, saranjom sarishtalikka rioya etish tartib-qoidalarini ular ongiga singdirish. Tadbir davomida o‘g‘il-qizlarga bu borada tushuntirishlar berish bilan birga, bolalarni doimo ozodalikka chorlab turish maqsadida kundalik hayotda rioya etishlari lozim bo‘lgan sanitariya-gigiyena qoidalari jamlangan eslatma-qo‘llanma taqdim etildi. Shuningdek, 12 ming nafar o‘g‘il-qizning har biriga gigiyenik vositalar to‘plami hadya etildi.
Mamlakatning chekka tumanlaridagi 295dan ortiq qishloq maktablarida tashkil etilgan ushbu tadbirlarda o‘yin-muloqot usullaridan foydalangan holda atrof-muhit musaffoligini saqlashga undovchi ekologik suhbatlar ham o‘tkazildi. Shuningdek, yuqumli kasalliklardan saqlanishda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etishning muhim shartlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Mazkur aksiya doirasidagi tadbirlar dasturidan bolalar uchun mo‘ljallangan madaniy-ma'rifiy tadbirlar ham o‘rin oldi. Taniqli san'atkorlar, xonandalar va qo‘g‘irchoq teatri aktyorlarining chiqishlari tashkil etilib, ular tomonidan tozalik va ozodalikning hayotda naqadar muhimligi, ozoda qo‘llar salomatlik garovi ekanligi sahnalashtirilgan ko‘rinishlar orqali namoyish etildi.
Ta'kidlanishicha, aksiya joriy yilning 4 sentabr kuni mamlakatning barcha hududlaridagi chekka tumanlarning umumta'lim maktablarida 1-sinf o‘quvchilari o‘rtasida bir vaqtda o‘tkazildi.

Muallif: Eldor Asanov

Top