Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madinada ibodatlarni boshladilar
Istiqlol yillari respublikamizda diniy sohada yuritilayotgan oqilona siyosat asosida har bir shaxsning vijdon va e'tiqod erkinligi, diniy qarashlaridan qat'i nazar tenghuquqliligi ta'minlanib, fuqarolarimizning emin-erkin diniy e'tiqodlarini amalga oshirishga keng sharoitlar yaratildi.
Fuqarolar e'tiqodlaridan kelib chiqqan holda diniy tashkilotlarga birlashib, mustaqil huquqiy shaxs sifatida faoliyat yuritishi, diniy mutaxassislar tayyorlashlari va adabiyotlarni nashr etishlari, diniy bayram va marosimlarini o‘tkazishlari, muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etishlari kafolatlandi. Jumladan, har yili 11000 dan ziyod ziyoratchilarimiz haj va umra amallarini ado etmoqdalar.

Kuni kecha O‘zbekistondan haj safariga chiqqan ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari Saudiya Arabistonining Madina shahriga yetib keldi deb xabar bermoqda religions.uz. Bo‘lajak hojilarimiz Masjidi Nabaviyning yonginadagi “Vusulul Muhammadiya” va “Javhratul Asima” mehmonxonasiga joylashtirildi. Ziyoratchilarni ishchi guruhi vakillari kutib olib, ular uchun tayyorlangan xonalarga joylashtirdilar. Mehmonxonalarda ovqatlanish va dam olish uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan bo‘lib, bo‘lajak hojilarning sog‘liklari shifokorlarning doimiy nazoratlari ostiga olingan. Mehmonxonaning o‘zida tibbiyot markazi hamda kunduzgi muolaja va profilaktika xonalari tashkil etilgan. O‘z navbatida, O‘zbekistondan kelgan tajribali oshpazlar ziyoratchilarimiz uchun milliy taomlar tayyorlamoqdalar. Ziyoratchilarimiz guruh rahbarlari yetakchiligida Masjidi Nabaviyga borib, Payg‘ambar (s.a.v.)ning qabrlarini ziyorat etib, ibodatlarini boshlab yubordilar.
Shu kunlarda yurtdoshlarimiz uchun sahobalar, jumladan, Muhammad (s.a.v.) amakilari Hamza (r.a.) qo‘nim topgan Uxud tog‘i, “Ikki qiblali” masjid, “Qubo” masjidi kabi Madinaning mo‘'tabar qadamjolariga ziyoratlar tashkil etila boshlandi. Ziyoratchilarimiz islom dinining beshta arkonidan biri bo‘lgan ulug‘ bir ibodatni ado etishga hozirlik ko‘rmoqdalar. Vatandoshlarimiz mana shunday dorilamon kunlarga yetishishlariga imkon bergan istiqlolimiz mustahkam, yurtimiz tinch va osoyishta, xalqimiz esa farovon bo‘lishini tilab, yurtdoshlari, farzandlari va yaqinlari haqlariga duolar qilmoqdalar.
Fuqarolarimizning haj safarlari muvaffaqiyatli davom etmoqda.