Jahon | 06:02 / 06.09.2015
3546
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Rossiyaning BMT Xavfsizlik kengashida taqiqlov qo‘yish huquqidan mahrum etilishini istamoqda

Rossiya o‘zi ishtirok etayotgan mojarolar bo‘yicha qarorlar qabul qilinayotganda BMT Xavfsizlik kengashida taqiqlov qo‘yish huquqidan mahrum etilishi kerak, deb aytmoqda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko intervyulardan birida.  

“Bizda boshqa variantlar yo‘q. Agar siz Xavfsizlik kengashi tomonidan to‘sib qo‘yiladigan qaror qabul qilsangiz, unda dunyoda tinchlikni saqlash uchun alternativ variant bo‘lishi kerak. Bu biz uchun juda muhimdir”, deb aytdi Poroshenko.

Ukraina prezidenti Donbassda Boeing samolyotining qulashi bo‘yicha xalqaro tribunal sentabr oxirida BMT Bosh assamleyasida yaratilishiga umid bildirishini aytib o‘tdi. “Men umid qilaman. Butun dunyo bo‘ylab 290 nafar qurbonga nisbatan adolatsizlik bo‘lgan bo‘lardi... bu terrorchilik hujumi bo‘lgan. Va Niderlandiya, Ispaniya, Belgiya, Malayziya – butun dunyo vakillari bilan birga bu falokatli terrorchilik hujumiga javobgarlikni talab qilamiz. Butun dunyo kim javobgar ekanini bilishga haqli”, deb ta'kidlab o‘tdi Poroshenko.

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri Pavel Klimkin Rossiya vaqti kelib BMT Xavfsizlik kengashida taqiqlov qo‘yish huquqidan mahrum etilishini aytgan edi.
Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida Donbassda falokatga uchragan Malayziyaning Boeing samolyotini tergov qilish bo‘yicha xalqaro tribunal yaratish haqidagi loyiha rezolyutsiyasiga taqiqlov qo‘ydi.