Jahon | 22:33 / 06.09.2015
4770
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston mudofaa vazirligining qo‘lga olingan sobiq xodimlariga nisbatan “terrorchilik” moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi

Tojikiston bosh prokuraturasi mudofaa vazirligi va huquq-tartibot muassasalarining sobiq xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining “terrorchilik”, “jinoiy uyushma tashkil qilish” va boshqa moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Qayd etilishicha, hibsga olishlar mamlakatning mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Abduhalim Nazarzoda guruhiga qarshi o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida amalga oshirildi. Tojikiston IIV matbuot markazi boshlig‘i Jalollidin Sadrridinovning ma'lum qilishicha, podpolkovnik Mustafo Nazarov va mayor Nasim Yusufovdan tashqari, huquq-tartibot muassasalarining sobiq xodimlari, hozirda pensiyada bo‘lgan Bahodur Kabirov va Tojiddin Sobirov ham hibsga olingan.

“Ular Nazarzoda tomonidan tayyorlanayotgan hujumdan xabardor bo‘lganlar, biroq bu haqda huquq-tartibot muassasalarini voqif etmaganlar”, deb aytmoqda Sadrridinov.

Xabarda aytilishicha, og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib shuningdek Nazarzodaning tansoqchilari Fozilbek Ayubov va Xurshid Xoliqov ham hibsga olingan.