Jahon | 10:13 / 07.09.2015
3253
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezidentligi uchun Garvard professori ham kurash olib boradi

AQShdagi prezidentlik saylovi kampaniyasiga yana bir nomzod kelib qo‘shildi. Garvard universitetining professori, huquqshunos Lourens Lessig nomzodi Demokratlar partiyasi tomonidan ilgari surildi.

Lourens Lessig ABC telekanali orqali chiqish qilib, o‘z saylov kampaniyasi jamg‘armasiga internet orqali xayriya sifatida 1 mln dollar yig‘ilgani va davlatning oliy lavozimi uchun kurash olib borish huquqini qo‘lga kiritganini tasdiqladi.

Yangi ishtirokchi AQShda saylov kampaniyasining moliyalashtirilishini qayta isloh qilish istagi unga kuch bag‘ishlab turganini ma'lum qildi.

54 yoshli Lessig saylov kampaniyalarini moliyalashtirishda poraxo‘rlik usulidan voz kechish zarurligini ta'kidlamoqda. U ayni shu sababdan ham AQSh “ishlamaydigan” hukumatga ega ekani, Oq uy va AQSh Kongresi saylov kampaniyalarini moliyalashtirgan donorlar manfaatlaridan kelib chiqib faoliyat ko‘rsatishiga ishonishini bildirgan.

Lessig AQSh ma'muriyati rahbarligiga erishgan taqdirda, saylov kampaniyasining moliyalashtirilishini qayta isloh qilib, so‘ngra o‘z vazifalarini vitse-prezidentga yuklab, iste'foga chiqishga va'da bergan.

Ma'lumot o‘rnida, Washington Post gazetasida 5 avgust kuni chop etilgan shov-shuvli maqolada “katta pullar”ning AQSh siyosiy tizimiga ta'siri haqida so‘z borib, saylovoldi tashviqot ishlarini moliyalashtirish borasida badavlat donorlar yetakchilik qilayotgani, ular asosan respublikachilarni qo‘llab-quvvatlayotganiga urg‘u qaratgan edi.

Ushbu ma'lumotni yaqinda The New York Times gazetasi tomonidan Saylovlar bo‘yicha federal komissiya taqdim etgan hisobotlar asosida olib borilgan izlanishlar natijalari ham tasdiqladi. Unga ko‘ra, ayni paytda AQShdagi saylov kampaniyasi uchun yig‘ilgan barcha mablag‘larning qariyb yarmi 400dan kamroq oila hissasiga to‘g‘ri keladi.

“New York Times tomonidan o‘tkazilgan Saylovlar bo‘yicha federal komissiya va Ichki daromadlar xizmati (AQSh soliq tashkiloti) hujjatlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, nomzodlar uncha katta bo‘lmagan daromadli amerikaliklar guruhiga qaram bo‘lib qolgan”, – deyiladi Washington Post nashri xabarida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish