Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniya Kengashi rahbari Toshkentga tashrif buyuradi
7-8 sentabr kunlari Britaniya Kengashi rahbari ser Vernon Jyeym Ellis Toshkentga rasmiy tashrif bilan keladi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi faoliyati bilan tanishish hamda kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilishdan iborat, deyiladi tashkilot vakolatxonasi xabarida.
"Gazeta.uz" nashri xabariga ko‘ra, tashrif davomida ser Vernon Jyeym Ellisning O‘zbekiston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov, Xalq ta'limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Alisher Vahobov, Madaniyat va sport ishlari vaziri Bahodir Ahmedov hamda Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov bilan uchrashib, ingliz tilining o‘qitilishi, ta'lim va san'at sohasida kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Britaniya Kengashi rahbari, shuningdek, O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi loyihalari qatnashchilari va sheriklari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, kelgusidagi hamkorlik to‘g‘risida suhbatlashib oladi.
Britaniya Kengashi — xalqaro tashkilot bo‘lib, ta'lim, madaniyat va san'at sohasida Britaniya va boshqa mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda tashkilotning idoralari dunyoning 110 mamlakatida faoliyat ko‘rsatib, ularda 7000dan ziyod xodim mehnat qiladi.
Toshkentdagi Britaniya Kengashi esa ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlik haqidagi memorandum imzolangan 1996 yildan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi loyihalari ta'lim sohasidagi milliy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ingliz tili ko‘nikmalarining rivojlantirilishiga yo‘naltirilgan.
Ser Vernon 2010 yilda lord Kinnok o‘rniga Britaniya Kengashi raisligiga tayinlangan.