O‘zbekiston | 20:03 / 07.09.2015
6274
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat granti ajratish uchun tanlov e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 24 yilligi bayrami munosabati bilan «O‘zbekiston xalqlarining madaniy-tarixiy merosini, mamlakatimizda mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida erishilgan yutuqlarni ommalashtirish bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalarini qo‘llab-quvvatlash» mavzuida davlat grantlari ajratish uchun qo‘shimcha tanlov e'lon qiladi. 
Tanlovga davlat ro‘yxatidan o‘tgan fuqarolik jamiyati institutlarining quyidagi maqsadlardan kelib chiqqan holda loyihalar qabul qilinadi:

1.O‘zbekiston tarixi, madaniyati va san'ati, mashhur shaxslar, respublikada mustaqillik yillarida jamiyat hayotining turli sohalarida erishilgan yutuqlar to‘g‘risida chet tillarda axborot tayyorlash va Internet tarmog‘ining maxsus qomusiy manbalarida joylashtirish.
2.O‘zbekiston madaniyati, san'ati va adabiyoti, mamlakatimizdagi mavjud me'moriy va tarixiy yodgorliklar, YuNeSKO butunjahon madaniy merosi obektlarining yorqin namunalari to‘g‘risidagi axborotni xorijiy auditoriya o‘rtasida targ‘ib etish.
3.O‘zbekiston xalqlarining boy tarixiy-madaniy merosini aks ettiruvchi noyob eksponatlar mavjud bo‘lgan mamlakat muzeylari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tayyorlash va Internet tarmog‘i orqali tarqatish.
4.O‘zbekiston xalqlarining nomoddiy madaniy merosini (xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san'ati, folklor yodgorliklari, milliy bayramlar, festivallar, milliy taomlar va boshqalar) xorijiy auditoriya o‘rtasida ommalashtirish.
5.Turizmning tarixiy-ilmiy, ekologik, faol, gastronomik va boshqa turlarini xorijiy auditoriya o‘rtasida ommalashtirish orqali O‘zbekistonning sayyohlik hamda madaniy-tarixiy jozibadorligini kuchaytirish.
6.Internet tarmog‘ida O‘zbekistonning betakror tabiati, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosiga bag‘ishlangan maxsus manbalarni chet tillarda vujudga keltirish.
7.Xorijiy auditoriya o‘rtasida O‘zbekiston xalqlari tarixi va madaniyatini ommalashtirishga, mamlakatimizning tarixiy-madaniy merosiga, tabiatining go‘zalligi va xilma-xilligiga qiziqish uyg‘otishga qaratilgan fototanlovlar tashkil etish va o‘tkazish.
8.Jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos milliy an'analari, urf-odatlari va marosimlarini saqlash hamda rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda izchil amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish.
9.O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatining muhim jihatlarini, o‘tkazilayotgan siyosiy-huquqiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalarini aks ettiruvchi xolis va ishonchli axborotni ingliz hamda boshqa chet tillarida tarqatish maqsadida Internet tarmog‘ida maxsus saytlarni ishlab chiqish va yaratish.
Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:
1.Loyihaga oid talabnoma taqdim etilayotganligi haqida NNTva fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rahbarining imzosi va muhri bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.
2.Davlat granti uchun www.fundngo.uz saytida joylashtirilgan shaklda yozilgan loyihaga oid talabnoma.
3.Tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tganligi haqidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi.
4.Tashkilot muhri bilan tasdiqlangan ustavning ko‘chirma nusxasi (oxirgi o‘zgarish va qo‘shimchalari bilan).
5.Agar loyiha litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, litsenziyaning ko‘chirma nusxasi.
6.Manfaatdor Davlat va jamoat tashkilotlarining tavsiyanomalari, iltimosnomalari ilova qilinishi mumkin.
Bitta loyiha bo‘yicha ajratiladigan grant miqdori – 25 mln. so‘mgacha.
Hujjatlar 2015 yil 29 avgustdan 6 oktabrga qadar qabul qilinadi.

Hujjatlar 100035, Toshkent shahri, Bunyodkor ko‘chasi, 1-uyda joylashgan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi» nomiga yuboriladigan «O‘zbekiston pochtasi» orqali muhrlangan konvertda (A4 formatda) qabul qilinadi.
Ma'lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-64.