Sport | 12:24 / 07.09.2015
5497
2 daqiqa o‘qiladi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi olimpiada o‘yinlarida ishtirok etolmaydigan bo‘ldi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi, 2014 yilgi Jahon chempionati sovrindori, XVII yozgi Osiyo o‘yinlari g‘olibi, 2015 yili o‘tkazilgan Osiyo chempionatining oltin medal sohibi Bekzod Abdurahmonov gilamga chiqayotgan 70 kg.gacha vazn toifasi olimpiada o‘yinlaridan olib tashlangan. Biroq bu uning jangovari holatiga ta'sir qilmasligini ta'kidlab o‘tdi.

«Albatta, men ishtirok etadigan -70 kg vazn toifasi endilikda Olimpiya o‘yinlarida musobaqalarni o‘tkazilmasligi achinarli hol bo‘lsada, bu jihat o‘z oldimizga qo‘ygan vazifamizga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi. Har doimgidek, yuz foiz musobaqaga tayyorman va medallar uchun kurash olib boraman. Axir jahon chempionatining nufuzini hech kim bekor qilmagan-ku», deydi Abdurahmonov.

«Biz juda katta tayyorgarlik bosqichini o‘tadik. Jumladan, Dog‘istonda joylashgan dunyoning eng yaxshi erkin kurash maktabi vakillari bilan hamkorlikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida qatnashdik. Bu albatta o‘z mevasini beradi. Bir so‘z bilan aytganda bizda yuqori natijalarni qayd eta olishga qodir bo‘lgan ajoyib terma jamoa mavjud», – deya Bekzod Abdurahmonovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti.

Ma'lumot o‘rnida ta'kdlab o‘tish joiz, mazkur jahon chempionatida erkin kurash bo‘yicha musobaqalar 10-12 sentabr kunlariga belgilangan. Bekzod Abdurahmonov ishtirok etadigan -70 kg. vazn toifasidagi bellashuvlar 12 sentabr kuni o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish