Angren-Pop tarmog‘ining 104 kilometri elektrlashtirildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 24 yilligi arafasida Angren-Pop temir yo‘l tarmog‘ining 104 kilometrida qurilish va elektrlashtirish ishlari nihoyasiga yetkazilib, ishchi tartibda poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.
Barpo etilayotgan yangi temir yo‘l magistrali mamlakatimizda yagona temir yo‘l tarmoqlarining yaratilishiga imkon tug‘diradi. Mazkur hududdagi tarmoqning umumiy uzunligi 123,1 km ni tashkil etadi. Qamchiq dovonida qurilayotgan tunnelning har ikki tomonidagi temir yo‘l tarmoqlarida loyihada belgilangan barcha ishlar bayram arafasida o‘z nihoyasiga yetkazildi.
Mazkur hududlarda 43 mln kub hajmdagi tuproq ishlari, shuningdek, 16,3 mln kub hajmli burg‘ulash va portlatish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi. Loyihaga binoan 285ta sun'iy va suv o‘tkazuvchi inshootlari, 6ta yo‘l o‘tkazgich, 13ta temir yo‘l ko‘priklari (umumiy uzunligi 2,1 km), 4ta stansiya, 4ta raz'yezd va ikkita vokzal qurib bitkazildi.
Loyihadagi 19,1 kilometrli uchastkada ham asosiy tunnel, ham yon shaxtalarda ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda tunnelning 14 kilometrlik qismi qazildi. Qo‘shimcha tunnelda esa 15 km kovlandi. Shuningdek, 10 kilometrlik qismida pardozlash ishlari tugallangan.
Dunyo reytingida mazkur tunnel o‘zining murakkabligi va tog‘ hududida joylashgani bilan 8- o‘rinni egallasa, tunneldagi temir yo‘l izlarining uzunligi bo‘yicha 13- pog‘onada turibdi.
Mazkur temir yo‘l qurilishi o‘z nihoyasiga yetganidan so‘ng nafaqat O‘zbekiston, balki Yevrosiya mamlakatlari o‘rtasida xalqaro temir yo‘l yuk tashishlarining olib borilishiga ham imkon tug‘iladi. Ayniqsa, Xitoy va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida tranzit temir yo‘l yo‘lagining barpo etilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, yuk tashish hajmi ortishi bilan bir qatorda, ularning qisqa muddatlarga manziliga yetkazilishiga ham xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur hududlarda aholining bandligi ta'minlanib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari ochiladi.