Jahon | 19:28 / 08.09.2015
2068
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya maksimal sondagi muhojirlarni qabul qilishga va'da bermoqda

Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Garsiya Margalo Yevropa hududiga kelgan muhojirlarga imkoni boricha tezroq yordam berishga chaqirdi va Ispaniya o‘z davlatlarini tark etishga majbur bo‘lgan maksimal sondagi qochqinlarga yordam berishga va'da berdi. Vazir SER radiostansiyasiga bergan intervyusida bugungi kunda eng asosiysi “favqulodda vaziyatda bo‘lgan muhojirlarga imkoni boricha tezroq yordam berish kerakligini” va bunda Ispaniya “hech narsani muhokama qilmay, qancha qabul qila olsa shuncha qochqinni qabul qilishga” va'da berdi.

“Ispaniya imkoni boricha ko‘proq qochqinlarni qabul qilishi kerak, chunki hamjihatlik Yevropa loyihasining asosiy tamoyilidir. Siz uyingizga mehmonlarni taklif qilganingizda ularni ostonada qoldirish yaramaydi, ularni inson qadr-qimmati nazarda tutgandek yaxshilab kutib olish kerak”, deb aytdi vazir.

7 sentabrda Europa Press agentligi Yevrokomissiya Ispaniyaga ikki yil ichida 15 ming muhojirni qabul qilishni taklif etganini ma'lum qilgan edi. Shu tariqa Ispaniya qabul qilingan qochqinlar soni bo‘yicha Germaniya va Fransiyadan keyin Yevropa Ittifoqidagi 3-raqamli davlat bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish