16:45 / 09.09.2015
2791

500 nafarga yaqin muhojir Serbiya va Vengriya chegarasida politsiyachilar to‘sig‘ini yorib o‘tdi

Taxminan 500 nafar muhojir Serbiyadan Vengriyaga politsiyachilar to‘sig‘ini yorib o‘tgan holda kirib keldi. Bu haqda FR xabar bergan.

"Muhojirlar guruhi tunni politsiya nazorati ostidagi Roske qishlog‘ida o‘tkazdi va ertalab ular chegarani buzib o‘tgan holda poyezd orqali Budapeshtgacha yetib olmoqchi bo‘lishdi", deyiladi xabarda.

Joriy yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada yuz bergan siyosiy nizolar tufayli bu hududlardan behisob qochqinlar Yevropaga borishmoqda. 2015 yilning boshidan buyon hozirgacha 351,3 ming nafar muhojir Turkiya va O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga kirib keldi.

Avgust oyi oxirida Avstriya hududidan 71 nafar muhojirning jasadi bo‘lgan yuk mashinasi topilishi, 3 sentabr kuni esa Turkiya qirg‘oqlariga muhojirlarning cho‘kkan kemasida bo‘lgan 3 yoshli bolakayning jasadi chiqib qolishi dunyo hamjamiyati e'tiborini bu muammoga qaratdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, yil davomida 2,6 ming muhojir Yevropaga yetib kela olmasdan, yo‘llarda halok bo‘lgan.

Mutaxassislar, yil so‘ngigacha Yevropaga kirib keluvchi muhojirlar soni 1 mln nafardan oshishini bashorat qilishgan.

Top