17:41 / 09.09.2015
2848

Floyd Meyuezerning so‘nggi jangiga qiziqish pastligi tufayli chiptalar sotilmay qolmoqda

Amerikalik bokschi Floyd Meyuezerning professional boksdagi hal qiluvchi so‘nggi, Andre Bertoga qarshi jangiga qiziqish u qadar yuqori bo‘lmayapti, deb yozadi ESPN nashri. Boks jangi boshlanishiga 4 kun qolganida jang uchun chiqarilgan 2 ming 100dan ortiq chiptalar sotilmay turibdi.

66,68 kg.gacha vazn toifasining Butunjahon bokschilar assotsiatsiyasi (WBA) va Butunjahon bokschilar kengashi (WBC) yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionligi uchun kechadigan mazkur boks jangi 12 sentabr kuni Las-Vegasdagi (Nevada shtati) MGM Grand sport arenasida bo‘lib o‘tadi.

Meyuezer va Pakyao o‘rtasidagi jang chiptasiga nisbatan anchagina arzon bo‘lishiga qaramay mazkur boks uchrashuviga bo‘lgan qiziqish unchalik yuqori bo‘lmayapti. Asr jangi ta'rifini olgan jang uchun o‘rtacha chipta narxi 5095 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, bo‘lajak jang uchun chiptalarning o‘rtacha bahosi sakkiz baravar kamroq – 799 dollar (125 dollardan 1500 dollargacha). Seshanba kuni Meyuezer va Berto jangi uchun chiqarilgan 1000 dollardan qimmatroq bor-yo‘g‘i 25 dona chipta sotilgan.

Meyuezer-Pakyao uchrashuvi bois MGM Grand mehmonxona xizmati mijozlari to‘rt baravar oshib ketgan bo‘lsa, hozirda mazkur mehmonxonaning 1000 dollardan qimmatroq nomerini ikki kun va undan ortiqroq muddatga band qilgan mijozlarga bonus sifatida Meyuezer – Berto jangiga qo‘shimcha ikkita chipta taqdim etishmoqda.

Mutaxassislar buning sababini Meyuezerning raqibi unchalik yuqori darajada emasligi bilan izohlashmoqda.

38 yoshli Meyuezer shu kungacha 48 uchrashuvning barchasida g‘alaba (26 nokaut bilan) qozongan bo‘lsa, 32 yoshli Berto - 30 g‘alaba (23 nokaut), 3 mag‘lubiyatni qayd qilgan.

Top