O‘zbekiston | 16:26 / 09.09.2015
2560
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida 10 sentabrdan 10 oktabrga qadar qish mavsumiga tayyorgarlik oyligi e'lon qilindi

2015 yilning 8 sentabrida Toshkent shahar hokimining "2015-2016 yillar qish mavsumini betalofat o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini yakunlash yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 159-F sonli farmoyishi qabul qilindi. Bu haqda 9 sentabr kuni Toshkent shahar hokimiyatida bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qilindi.

Ushbu farmoyish asosida Toshkent shahrida 2015 yil bahor oyida buyon davom etib kelayotgan ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obektlarini qish mavsumiga tayyorlash ishlarini yakunlash hamda hududlarning sanitar holatini yaxshilash, xazonrezgi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha joriy yil 10 sentabrdan 10 oktabrgacha safarbarlik e'lon qilindi.

Bunda har yilgidan farqli ravishda, har bir mahallada okrug rahbari, mahalla oqsoqoli, tegishli xususiy uy-joy shirkatlari va ijtimoiy soha obektlari rahbarlari, kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari vakillari hamkorligida guruhlar tuzilib, ko‘p qavatli uy-joy fondi hamda ijtimoiy soha obektlari holati yana bir bor o‘rganib chiqilib, aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud muammo va kamchiliklar joriy yilning 10 oktabriga qadar bartaraf etiladi. Ko‘p qavatli uy-joylarning tom va yerto‘la qismlari, kirish yo‘laklari holati, ijtimoiy soha obektlarida issiqlikni saqlash bo‘yicha ahvol jamoatchilik komissiyalari tomonidan joyida ko‘rib chiqilib, jamoatchilik dalolatnomalari rasmiylashtiriladi.

Kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari va tuman hokimliklari tomonidan yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlarni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan brigadalar zarur transport vositalari, mexanizm va jihozlar, zaxira materiallar bilan ta'minlanadi.

Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi poytaxt aholisiga murojaat qilib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish uchun "1055" raqamli markaziy dispetcherlik xizmati yoki tuman hokimliklarida tashkil etilgan:

Bektemir tumani – 295-25-20, 295-02-88;
Mirobod tumani – 233-48-67;
Mirzo Ulug‘bek tumani – 268-02-54, 268-34-50;
Olmazor tumani – 227-12-28;
Sergeli tumani – 251-58-67;
Uchtepa tumani – 274-16-76, 274-16-79;
Chilonzor tumani – 273-84-60, 273-84-82;
Shayxontohur tumani – 242-71-97, 241-91-32;
Yunusobod tumani – 234-74-65;
Yakkasaroy tumani – 255-74-07;
Yashnobod tumani – 291-05-06 tuman shtablariga ma'lum qilishi so‘raldi.

Shuningdek, qish mavsumining betalofat o‘tishida iste'molchilarning ko‘rsatilgan xizmatlar haqini o‘z vaqtida to‘lashlari muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta'kidlab o‘tildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish