21:31 / 09.09.2015
4769

Toshkentda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi

2015 yil 8 sentabrda Toshkent shahri hokimining 159-F-sonli “2015-2016 yillarda kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik ko‘rish va uni avariyasiz o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu farmonda ko‘p qavatli turar-joy fondi va ijtimoiy obektlarni 2015-2016 yillardagi kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarini yakunlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Farmondan asosiy maqsad ko‘p qavatli turar-joy fondi va ijtimoiy obektlarni kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarini yakunlash, kuzgi xazonrezlik mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat. Shu munosabat bilan 10 sentabrdan 10 oktabrgacha barcha kommunal xizmatlar kuchlari safarbar qilinadi.

Ushbu maqsadlarda okruglar va ijtimoiy obektlar rahbarlari, mahalla qo‘mitalari raislari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal xizmatlar vakillari ishtirokida qo‘shma ishchi guruhlar tashkil qilindi. Ishchi guruhlarning vazifasi turar-joy va ijtimoiy obektlar holatini qo‘shimcha o‘rganishni o‘tkazishdan va 10 oktabrgacha bo‘lgan davrda aniqlangan kamchiliklar va fuqarolarning murojaatlarini hisobga olgan holda muammolarni bartaraf etishni ta'minlashdan iborat.

Ishchi komissiyalar tomonidan joylarda tomlar, yerto‘lalar, pod'yezdlar va issiqlik ta'minoti tizimlari holati ko‘rib chiqiladi.

Toshkent shahri hokimiyati axborot xizmatining ma'lum qilishicha, kommunal xizmatlarga to‘lovlarni amalga oshirmaslik qishki mavsumga tayyorgarlikda mablag‘larning yetishmasligiga bevosita ta'sir qiladi. Qishki mavsum uchun gaz tarmoqlarini o‘z vaqtida sifatli tayyorlash maqsadida barcha iste'molchilar, ayniqsa hovli-joylarda yashovchi aholi iste'mol qilingan tabiiy gaz uchun qarzdorlikni o‘z vaqtida amalga oshirishlari iltimos qilindi.

Toshkent aholisi aniqlangan kamchiliklar yoki o‘zlari yashaydigan turar joylarda tayyorgarlik ishlari o‘tkazilmagani hamda kommunal xizmatlar bilan yuzaga kelgan muammolar bo‘yicha Markaziy avariya dispetcherligi xizmati “1055” yoki tuman hokimiyatlaridagi shtablarga murojaat qilishlari mumkin:
Mirodob tumani — 233-48-67;
Mirzo Ulug‘bek tumani — 268-02-54, 268-34-50;
Olmazor tumani — 227-12-28;
Sirg‘ali tumani — 251-58-67;
Uchtepa tumani — 274-16-76, 274-16-79;
Chilanzor tumani — 273-84-60, 273-84-82;
Shayhontoxur tumani – 242-71-97, 241-91-32;
Yunusobod tumani — 234-74-65;
Yakkasaroy tumani — 255-74-07;
Yashnobod tumani — 291-05-06.

Top