19:13 / 10.09.2015
3332

Apple aksiyalari taqdimotdan keyin 2 foizga tushib ketdi

Apple kompaniyasi aksiyalari 9 sentabrda yangi mahsulotlari taqdimotidan keyin 1,9 foizga tushib ketdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi. 

Endi Apple aksiyalari 105,15 dollar narxda sotilmoqda. Ekspertlarning aytishicha, pasayish taqdimotdan haddan ziyod narsa kutilgani sabab sodir bo‘ldi. Kompaniya katta sonda yangi funksiyalar va mahsulotlar namoyish qilganiga qaramasdan, bu investorlarni hayratga solmadi.

Apple tomonidan namoyish qilingan muhim ahamiyatga ega yangi qurilmalar sifatida Siri ovozli yordamchisiga ega yangilangan Apple TV xizmati, 3D Touch texnologiyasiga ega yangi iPhone 6S smartfoni va diagonali bo‘yicha 12,9 dyuymli iPad Pro plansheti keltirib o‘tildi.

Avvalroq ham Apple aksiyalari pasayishga uchragan edi. Iyul oyida kompaniyaning choraklik hisoboti chop etilganidan keyin uning aksiyalari 7 foizga tushib ketgan edi. Yaqinda keltirilgan ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniya yil boshidan 158 mlrd dollar yo‘qotgan.

Top