17:59 / 10.09.2015
2742

AQShda o‘g‘ri o‘zganing uyidan chiqmasdanoq o‘margan buyumlarini internet orqali sotuvga qo‘ydi

Amerika politsiyasi birovning uyiga o‘g‘rilikka tushib, o‘margan buyumlarini o‘sha yerning o‘zida internet orqali sotuvga qo‘ygan jinoyatchini qidirmoqda.

FoxNews telekanalining xabar berishicha, Vashington shtatida Saurslar oilasiga tegishli xonadonga noma'lum shaxs yashirincha kirib, u yerda bir muddat yashash bilan birga, uydagi buyumlarini sotuvga qo‘ygan.

Cheta Saurs 25 yil davomida shu uyda yashagan va bir oz muqaddam yangi uyga ko‘chib o‘tgan. Er-xotin sotishni mo‘ljallab, eski uyida ko‘plab mebel va texnikalarni qoldirgan bo‘lgan.

Uy egasi ko‘chmas mulk savdosi agenti bilan o‘z xonadoniga kelganida, uning oldidagi yuk mashinasiga ko‘zi tushadi. Oshxonada esa noma'lum erkakni uchratishadi. Bu yerda nima qilayapsiz, degan savolga mikroto‘lqinli pechni internet orqali sotib olganini ma'lum qiladi. Xuddi shu vaqtda uydan noma'lum shaxs qochib chiqib ketadi.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, o‘zganing uyida bir necha kun davomida yashagan jinoyatchi kir yuvish mashinasi, muzlatkich, gaz plitasi, televizor, matrats va boshqa uskunalarni sotib yuborishga ulgurgan ekan. Uy egasi moddiy yo‘qotishlarini 5 ming dollarga baholadi.

Top