Jamiyat | 16:25 / 10.09.2015
2588
2 daqiqa o‘qiladi

BMT: Suriyadagi mojaro to‘xtamasa, Yevropadagi muhojirlar inqirozi yanada kuchayishi mumkin

Suriyadagi mojarolarni bartaraf etish va millionlab jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatish choralari kuchaytirilmasa, qochqin va muhojirlar oqimlarining ommaviy tarzda Yevropaga yuzlanishi oqibatida kelib chiqqan inqiroz “yanada kuchayishi” mumkin. Bu haqda BMTning Bolalar fondi (YUNISEF) tarqatgan murojaatda so‘z boradi.

YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi mojarolar sabab 16 million kishi “hayotini saqlash va himoyalash”ga muhtoj bo‘lmoqda. Ularning teng yarmi bolalardir. Shaharlarda yashovchi 5 million suriyalik so‘nggi vaqtlarda “uzoq muddat va goh-gohida rejalashtirilgan” tarzda ichimlik suvidan mahrum qilinmoqda. Mamlakatdagi qariyb yarim shifoxonalar yoki o‘z ishini to‘liq to‘xtatgan, yoki qisman faoliyat ko‘rsatayapti. BMT ma'lumotiga ko‘ra, Suriyadagi qariyb besh yildan buyon davom etib kelayotgan qurolli mojarolar boshlanganidan buyon 4 mln suriyalik – ularning yarmi bolalardir – o‘z vatanini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Ayni paytda Yevropada kun kechirayotgan qochqinlarning aksariyati suriyaliklardir.

“Men bilan suhbatda bo‘lgan barcha suriyaliklar o‘zlarini xavfsiz va tinchlikda sezganlarida, ularga nisbatan munosib muomalada bo‘lganlarida, vatanida yashashni ma'qul ko‘rishini aytishdi, – dedi YUNISEFning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha mintaqaviy direktori Piter Salama. – Muhojirlar o‘z hayoti, farzandlarining hayotidan xavfsirab Yevropaga yo‘nalmoqda, chunki ularda boshqa tanlov yo‘q va o‘zlari hamda farzandlarining kelajagi ko‘ra olishmayapti”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish