Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniyada bir yilda terrorizmda ayblanib qo‘lga olingan 18-20 yoshlilar soni ikki barobarga ortdi
Britaniya hukumati 2015 yilning 31 martidan 12 oy ichida terrorizmga aloqador jinoyatlarda ayblab qo‘lga olinganlar soni rekord darajaga yetganini ma'lum qildi. 18-20 yoshli qo‘lga olinganlar soni o‘tgan 2014 yilga nisbatan ikki barobarga oshdi.
Britaniya Ichki ishlar vazirligining payshanba, 10 sentabr kuni tarqatgan statistik ma'lumotiga ko‘ra, politsiya terrorizmda ayblab 299 kishini qo‘lga olgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foiz ko‘p demakdir.
IIVning qayd etishicha, e'lon qilingan so‘nggi ma'lumotlar 2001 yildan buyon olib borilayotgan shu turdagi statistik jamlanmalari ichida rekord natija hisoblanadi. Avvalgi rekord darajadagi qo‘lga olinganlar soni 2005 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘sha yili politsiya 284 kishining qo‘liga kishan taqqan edi.
“Shu bilan birga, 2014/15 yilgi hisobot davrida terrorizmda gumon qilinganlar ichida Britaniya fuqarolari va ikkinchi fuqarolikka ega shaxslar soni ham ortgan. Shuningdek, terroristik faoliyatda gumon qilinib, 35 ayol ham hibsga olingan bo‘lib, bu ham so‘nggi besh yil ichidagi rekord natija hisoblanadi. 18-20 yoshli hibsga olingan soni esa o‘tgan hisobot davriga nisbatan ikki barobarga ko‘paygan”, – deya xabar qildi vazirlik.