17:47 / 10.09.2015
2229

Hindistonda 2,3 ming kishi cho‘chqa grippidan vafot etdi, 38 mingi xastalangan

2015 yil boshidan buyon Hindistonning markaziy va shimoliy-g‘arbiy qismida cho‘chqa grippidan 2276 kishi vafot etdi, yana 38 ming kishi xastalik yuqtirib olgan. Bu haqda Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.

Eng og‘ir vaziyat markaziy Maxarashtra shtatida kuzatilmoqda. Ushbu hudadda yanvar oyidan beri 6,8 ming kishi cho‘chqa grippini orttirib olgan bo‘lib, ularning 600 nafardan ziyodi vafot etdi.

“Faqatgina sentabr oyida 378ta yangi holat kuzatildi. 38 nafar bemor hayotdan ko‘z yumdi”, deyiladi Milliy virusologiya instituti xabarida.

Noqulay vaziyat qo‘shni Gujarot (6,6 mingdan ziyod bemor va 450 o‘lim), Rajastan (6,7 ming va 436) va Madxya-Pradesh (qariyb 2,3 ming va 381) shtatlarida ham qayd etilmoqda

Hukumatni tashvishga solayotgan jihat shundaki, 36 foiz vafot etganlarda hech qanday surunkali yoki infeksion xarakterdagi alomatlar kuzatilmagan. Mahalliy mutaxassislarning ma'lum qilishicha, mazkur holatda cho‘chqa grippining yanada o‘zgargan shakli yuzaga kelgan. Shu bilan bir qatorda, infeksiya aholining eng faol qismiga rahna solmoqda. 85 foiz bemorlar va 61 foiz vafot etganlarning yoshi 21-60 atrofidadir.

Top