Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroil rossiyalik harbiylar Suriyada terrorchilarga qarshi jang qilayotganini aytdi
Isroil mudofaa vaziri Moshe Yaalon oxirgi bir necha kun davomida Rossiya qo‘shinlari Suriyaga “IShID” terrorchilik guruhi bilan kurashgani kelganlarini ma'lum qildi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ma'lum qildi.
Yaalon rossiyalik harbiylarning Suriyaga kelishidan asosiy maqsad Latakiya shahri yaqinida aviabaza qurishdan iboratligini aytdi. Bu aviabazadagi vertolyot va samolyotlardan Suriya armiyasi terrorchilarga qarshi kurashda foydalanishi mumkin.
“Tushunishimizcha, bu bosqichda gap cheklangan kuchlar – maslahatchilar, xavfsizlik jamoasi hamda samolyot va harbiy vertolyotlarni foydalanishga tayyorlash bo‘yicha mustaxassislar haqida ketmoqda”, deb ta'kidlab o‘tdi Yaalon.
Yaalon Rossiya birinchi navbatda Suriyadagi o‘z manfaatlarini himoya qilayotganini, chunki bu davlat hududida uning harbiy-dengiz bazasi joylashganligini qo‘shimcha qilib o‘tdi. Biroq shu bilan birga isroillik vazir bu ma'lumotni qayerdan olganiga oydinlik kiritmadi.
Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Suriya Rossiya qurol-aslahasidan faqatgina terrorchilarga qarshi foydalanishga kafolat berishiga ishontirib o‘tdi.