Jahon | 23:54 / 10.09.2015
2095
1 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya murmansklik taksichilardan chegaradan qochqinlarni o‘tkazmaslikni talab qilmoqda

Norvegiyalik chegarachilar rossiyalik taksichilarni agar ular chegara orqali suriyalik muhojirlarni o‘tkazishni bas qilmasalar, ularga mamlakatga kirish yopib qo‘yilishidan ogohlantirdi. Bu haqda TASS axborot agentligi Murmansk viloyatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan biridagi manbaga iqtibos keltirgan holda ma'lum qildi.

“Hozircha ogohlantirish norasmiy tusga ega, biroq taksichilar hozirdanoq suriyaliklarni tashishni rad etmoqdalar”, deb aytdi manba.

Qayd etilishicha, Murmansk transport kompaniyalari bir necha oydan beri suriyalik qochqinlarni Norvegiyaga tashishga buyurtma olmoqdalar.

OAVlarning xabar berishicha, suriyaliklar Murmanskga asosan Moskvadan uchib kelib, mashinada Norvegiya nazorat-o‘tkazish punktigacha yetib olib, u yerda siyosiy boshpana so‘ramoqdalar.

Avvalroq Rossiya Federal migratsion xizmati rahbari Nikolay Smorodinning ma'lum qilishicha, suriyalik 2 ming muhojir Suriyada qurolli mojaro boshlangandan keyin Rossiyada vaqtinchalik boshpana olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish