Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston Rossiyadan tezkor harakat uchun relslar sotib oladi
Rossiyaning Novokuznetsk shahridagi YeVRAZ kompaniyasi O‘zbekistonga 25 metrli relslar yetkazib berish haqida shartnoma imzoladi.
Mazkur relslar mamlakatimizning ikki yirik sayyohlik shaharlari — Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi tezyurar poyezdlar harakati uchun mo‘ljallangan. O‘zbekistonning issiq ob-havosi inobatga olingan holda ishlab chiqarilayotgan kuznetsk relslari o‘ziga xos xususiyatlar va tarkibga ega.
YeVRAZ ZSMK texnologiyalari bo‘yicha rels quyish sexi rahbari o‘rinbosari Sergey Dorofeyevning ta'kidlashicha, relslar barcha inqiroziy sharoitlarga mos kelib, yuqori haroratlarda ham foydalanishga yaraydi.
“Relslar o‘zining tekis va to‘g‘ri ekanligi, sifatli xom ashyodan tayyorlangani sababli poyezd tarkibining soatiga 200 kilometrdan ziyod tezlikda harakatlanishiga imkon beradi”, – dedi Dorofeyev.
Hamkorlikning yangi bosqichida tezyurar temir yo‘llar uchun mo‘ljallangan dastlabki 2 ming tonna relslar jo‘natishga shay holda.
YeVRAZ — xalqaro vertikal-integrallangan metallurgiya va tog‘-kon kompaniyasi bo‘lib, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, AQSh, Kanada, Chexiya, Italiya, Qozog‘iston va JAR aktivlari ishtirokida tashkil etilgan. Kompaniya temir ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yirik tashkilotlardan sanaladi.
Avvalroq tezyurar poyezdlar harakatini joriy etish uchun “Samarqand-Buxoro” yo‘nalishi bo‘ylab temir yo‘l tarmog‘ini to‘liq elektrlashtirish ishlari olib borilayotgani xabar qilingan edi. Mazkur loyihaning qiymati 400 mln dollarni tashkil etib, 2015-2016 yillarda o‘z nihoyasiga yetkaziladi. Yangi tezyurar poyezd ishga tushirilishi bilan yo‘lovchilar ikki soat vaqtini tejash imkoniga ega bo‘lishadi.