Jamiyat | 20:29 / 10.09.2015
2846
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Muzeylar haftaligi” doirasidagi tadbirlarga 56 ming kishi tashrif buyurdi

Toshkent shahrida “Mustaqillik yillarida muzeylar: kecha va bugun” mavzusida matbuot-anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi boshqarmalari rahbarlari va Toshkent muzeylari direktorlari ishtirok etdilar. Mustaqillik yillarida muzeylar faoliyatini yaxshilashga qaratilgan 46 ta me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingani qayd etildi.
Ayni kunda O‘zbekistonda 444 ta muzey faoliyat yuritib, ularda 2,3 mln dan ziyodroq eksponatlar saqlanadi.
Matbuot-anjumanda alohida e'tibor 2-9 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Muzeylar haftaligi” yakunlariga qaratildi. Madaniy tadbir davomida 42 ta muzeyda 300 ga yaqin tadbir tashkil etildi. Bu tadbirlarga deyarli 56 ming kishi tashrif buyurdi. Muzeylar rahbarlarining qayd qilishlaricha, muzeyga tashrif buyurganlarning aksariyat qismini yoshlar tashkil qildi. Bu yosh avlodning o‘z vatani tarixi va madaniyati haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishga intilishidan darak beradi.
Matbuot-anjuman doirasida ishtirokchilar yosh avlodni tarbiyalashda tarixiy merosning katta ahamiyatga egaligini ta'kidlab, muzeylar faoliyatini yaxshilash masalalarini muhokama qilishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish