O‘zbekiston | 22:34 / 10.09.2015
3567
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Akmal Kamolov Krasnoyarsk shahriga tashrif buyurdi

Rossiyaning Krasnoyarsk shahri meri Adham Oqbulatov O‘zbekistonning Rossiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Akmal Kamolov bilan uchrashdi. Krasnoyarskda Kamolov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi safar bilan bo‘lib turibdi.

Oqbulatov Kamolovga Krasnoyarskga bildirgan qiziqishi uchun minnatdorchilik bildirdi va oxirgi yillarda shaharda Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi faol rivojlanayotganini ta'kidlab o‘tdi.

“Krasnoyarsk ko‘p millatli shahar. Bu yerda katta o‘zbek diasporasi yashaydi va ular bilan bizni iliq aloqalar birlashtiradi. Sizning tashrifingiz savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, krasnoyarsklik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini kuchaytirishga turtki bo‘ladi, deb umid bildiraman. Bizning shahrimiz xalqaro sport anjumani – 2019 yilgi Universiada o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va bizning hamkorligimiz yoshlar siyosati masalalarida ham samarali rivojlanadi, deb ishonch bildiraman”, deb aytdi Oqbulatov.

O‘zbekiston elchisi Akmal Kamolov O‘zbekistondagi ishlarning zamonaviy holati, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi haqida ma'lumot berdi hamda krasnoyarsklik tadbirkorlar O‘zbekistondagi qator sohalarga qiziqish bildirishiga ishonch bildirib qoldi.
Krasnoyarsk va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik aloqalari nafaqat iqtisodiyot va savdo sohasida mustahkamlanmoqda. Shahardagi o‘zbek diasporasi vakillari bu yerda turli milliy bayramlar o‘tkazib keladilar. Bulardan “Qovun sayli” Krasnoyarsk aholisiga ayniqsa xush kelgan. Krasnoyarskga muntazam ravishda O‘zbekistonning ijodiy jamoalari tashrif buyuradilar. 2014 yilda O‘zbekistonning El Merosi tarixiy kiyim-kechak teatri va bir qator musiqachilar Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlarining IV Krasnoyarsk xalqaro musiqa festivalida ishtirok etganlar.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish