20:26 / 10.09.2015
16842

Toshkent IIBB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi "O‘zko‘rgazmasavdo” yaqinida 18 avgust kuni ro‘y bergan yong‘in oqibatlari haqida to‘liq ma'lumot berdi

Kun.uz internet nashri Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Toshkent shahar IIBB yong‘in xavfsizligi boshqarmasiga 18 avgust kechki payt “Beruniy” metro stansiyasi yonida joylashgan "O‘zko‘rgazmasavdo” ko‘rgazma-yarmarka markazi yonidagi ulgurji oziq-ovqat bozori hududida hamda 21 avgust kuni Bek Baraka bozorida sodir bo‘lgan yong‘in haqida batafsil ma'lumot berilishini so‘rab, murojaatnoma yo‘llagandi.

Unda yong‘inlar qancha hududni egallagani va qancha moddiy zarar yetkazgani, shuningdek, jabr ko‘rganlar soni va yong‘inning kelib chiqish sabablari haqida aniq ma'lumotlar berilishi so‘ralgandi.

Sayt tahririyatiga Toshkent shahar IIBB yong‘in xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i podkolkovnik D.D.Tillaxo‘jayev nomidan ushbu murojaatga javob xati kelib tushdi.

Unga ko‘ra, 2015 yilning 18 avgust kunida Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Beruniy ko‘chasi 41-uyda joylashgan "Xalq iste'mol tovarlarining ko‘rgazma yarmarka savdosi Respublika markazi" AJga qarashli savdo pavilonida yong‘in sodir bo‘lgani tasdiqlangan.

Yong‘in natijasida savdo pavilonida ijarada bo‘lgan 10ta oziq-ovqat do‘konlarining 90 kv.m maydonida hamda pavilon tom qismi 180 kv.m maydonida yonib zarar ko‘rgan.

Yong‘indan keltirilgan moddiy zarar miqdori 8,922,781,9 so‘mni tashkil etib, yong‘in savdo do‘konlarining elektr tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozliklar oqibatida sodir bo‘lgan.

Ushbu Hodisa oqibatida hech kim jarohatlanmagan va halok bo‘lmagan.

21 avgust kuni Bek Baraka bozorida sodir bo‘lgan yong‘in bo‘yicha savollarga esa respublika IIBB yong‘in xavfsizligi boshqarmasidan javob olish mumkinligi aytilgan.

Ayni vaqtda sayt tomonidan bu muassasaga ham xat yo‘llangan va javob kelishi kutilmoqda.

Top