Jahon | 18:03 / 11.09.2015
3705
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Dushanbega ko‘mak ko‘rsatishga va'da berdi

Rossiya va Tojikiston prezidentlari Vladimir Putin hamda Emomali Rahmon 14 sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan shaxsiy suhbat jarayonida respublikadagi vaziyatni barqarorlashtirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishadi. Rossiya yetakchisi yordamchisi Yuriy Ushakovning ma'lum qilishicha, Moskva Dushanbega u yoki bu yordamni ko‘rsatish va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Kreml vakili jurnalistlarni Putinning Tojikiston poytaxtiga kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti sammitiga tashrifidan xabardor qildi. 14 sentabr kuni Putin va Rahmon uchrashuvi rejalashtirilgan.

“O‘ylaymanki, mazkur masala (ko‘mak ko‘rsatish) suhbat jarayonidagi asosiy mavzulardan bo‘ladi. Tabiiyki, Rahmon sodir bo‘lgan hodisalar va respublika rahbariyati tomonidan vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan choralar to‘g‘risida ma'lumot beradi”, – dedi Ushakov. U Tojikistondagi hamkasblarining ma'lumotiga ko‘ra, u yerda “hammasi sokin” ekanini qo‘shimcha qildi.

8 sentabr kuni Tojikiston bosh prokurori sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Abduxalim Nazarzoda va polkovnik Junaydullo Umarovga nisbatan jinoiy ish ochdi. Ular terrorizm, davlat tuzimini o‘zgartirish, ekstremistik tuzilmalar tashkil etish va qo‘poruvchilikda ayblanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4 sentabr kuni Dushanbe va poytaxtga tutash Vahdat tumanida militsiya bo‘linmalariga uyushtirilgan hujumlar natijasida 4 nafar militsiya xodimi va 4 OMON jangchisi halok bo‘lgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish