10:03 / 11.09.2015
2949

Sport kurashlari. Ixtiyor Navro‘zov JChning kumush medalini qo‘lga kiritdi

AQShning Las-Vegas shahrida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida yana bir o‘zbeksitonlik sportchi kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Erkin kurash bo‘yicha vazni 65 kg.gacha bo‘lgan polvonlar bahsida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilayotgan Ixtiyor Navro‘zov 1/16 finalda Namibiya, 1\8 finalda Ukraina, chorak finalda Mo‘g‘iliston, yarim final bellashuvida esa 2014 yilgi Jahon chempioni Soslan Ramonovni mag‘lub etib, finalga chiqqandi.

Hal qiluvchi bahsda Frank Chamizo Markes (Italiya) bilan bahs yuritgan hamyurtimiz 3:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Shunday qilib, mazkur jahon chempionatida Rustam Assakalovdan keyin Ixtiyor Navro‘zov ham kumush medal hamda 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasining ushbu turnirdagi ilk medalini yunon-rum kurashi bo‘yicha musobaqada ishtirok etgan Rustam Assakalov (kumush) olib bergandi.

Bugun ayollar kurashi bo‘yicha -60 kg. vazn toifasida, erkin kurash bo‘yicha esa -61 kg, -86 kg, va -97 kg. vaznda g‘olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ladi. Ushbu musobaqalarda hamyurtlarimizdan Umidjon Ismanov (-86 kg) jahon chempionatining sovrinli o‘rinlari hamda “Rio-2016” o‘yinlarining yo‘llanmasi uchun bahs yuritadi.

Top