Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
15-16 oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2015 yil 30 iyuldagi farmoyishiga muvofiq joriy yilning 15-16 oktabr kunlari Toshkentda XI O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Mazkur yarmarka Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (ICAC)ning eng muhim tadbirlari reyestriga kiritilgani bois dunyo miqyosida paxta bozori siyosatini belgilovchi nufuzli anjumanlardan biriga aylandi.
«O‘zpaxtasanoat» uyushmasi tizimida ham ushbu nufuzli forumga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, yarmarka ishtirokchilarini Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi «O‘zbekiston paxta tozalash» ochiq aksiyadorlik jamiyatida kutib olish rejalashtirilmoqda. Bu bilan ishtirokchilarni paxtani qayta ishlash jarayoniga tatbiq etilayotgan zamonaviy yangi texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish, mutaxassislar bilan bevosita fikr almashishiga imkon yaratish nazarda tutilgan. Korxonaga zamonaviy quritish, saralash, jildlash, lentalash uskunalari o‘rnatilgach, ish unumdorligi bir necha barobar ortdi, sarflanadigan elektr energiya miqdori ancha kamaydi.
«O‘zekspomarkaz»da uyushma uchun ajratilgan maydonda soha korxonalarining ishlash jarayonini to‘liq ta'riflovchi – qayta ishlanayotgan paxta mahsulotlaridan namunalar va ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar namoyish etiladi.