Jahon | 13:07 / 12.09.2015
3240
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Turkiyadagi faxriy konsulini vaqtinchalikka vazifasidan chetlatdi

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius fransuz tashqi siyosat muassasasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Fransuaz Olse — Turkiyaning Bodrum shahridagi foxriy konsulni vazifasidan vaqtinchalik chetlashtirishga qaror qildi. Bu haqda TIV rasmiy vakili Romen Nadal ma'lum qildi.

Bundan avvalroq esa France 2 telekanali muxbirining faxriy konsul bilan suhbatini yashirin kamerada suratga olgan tasvirlarini namoyish qilgan edi. Unda ayol diplomat bir vaqtning o‘zida Bodrumdagi dengiz ta'tili uchun mo‘ljallangan do‘kon egasi ekani, noqonuniy muhojirlarga qutqaruv jiletlari va shishiriluvchi qayiqlar sotganini tan olgan.

Olse jurnalist bilan suhbatda nafaqat muhojirlarning Gretsiyaga tashilishida ishtirok etayotgani, balki bunda Turkiya hukumatining ham aloqador ekanini ochiqchasiga aytgan.

Nima uchun bu faoliyatini to‘xtatmayotgani to‘g‘risidagi savolga esa faxriy konsul agarda noqonuniy muhojirlarga qutqaruv jiletlari va qayiqlarni sotmasa, buni boshqalar amalga oshiradi, deya javob bergan.

Reportajda qayd etilishicha, uning do‘konida nafaqat fransuz bayrog‘i ilib qo‘yilgan, balki kirish joyida do‘kon mazkur mamlakatning faxriy konsuliga tegishli ekani to‘g‘risidagi yozuv ham o‘rnatilgan. Olse mazkur lavozimda 2014 yilning oktabr oyidan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.

TIV rasmiy vakilining ta'kidlashicha, agarda faxriy konsulning haqiqatdan ham mazkur ishlarni amalga oshirgani tasdiqlansa, u vazifasidan to‘liq ozod etiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish