Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada dunyoda ilk bor 3D-printerda bosilgan qovurg‘alar ko‘chirib o‘tkazildi
Ispaniyada ko‘krak qafasi sarkomasidan (saratoning bir turi) aziyat chekuvchi erkakka dunyoda ilk bor 3D-printerda bosilgan ko‘krak qafasi va qovurg‘alar protezlari o‘tkazildi.
Titandan ishlangan protezlar Avstraliyaning Anatomics kompaniyasi hamda Avstraliya ilmiy va amaliy tadqiqotlar davlat uyushmasi bilan birga yaratildi.
Qayd etilishicha, 54 yoshli bemorni an'anaviy usullar bilan operatsiya qilish ko‘plab olib tashlangan suyaklar va “murakkab geometriya” sababli juda murakkablik tug‘dirgan bo‘lardi. Bunda shifokorlar tomonidan ishlatiladigan an'anaviy protezlar bemorga kerakli harakatchanlikka erishishga imkon bermas edi. Bundan tashqari, plastinkali implantantlar vaqt o‘tishi bilan o‘z shakli va bikrligini yo‘qotadi.
3D-bosma bo‘yicha mutaxassis Aleks Kingsberining ta'kidlashicha, qovurg‘alarni bosib chiqarish jarayoni an'anaviy ishlab chiqarish turlaridan ancha samaraliroq bo‘ldi. Bunda protez bemorda qolgan qovurg‘alarni hisobga olib yaratilgan.
Qovurg‘alarni o‘tkazish operatsiyasida ishtirok etgan shifokor Xose Arandaning aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan hamda 3D-printerda bosilgan protez qo‘yilgan joyiga “qo‘lqopdek o‘tirgan”.
Qayd etilishicha, bemor operatsiyadan keyin 12 kun kuzatuv ostida bo‘lgan va salomatligi yaxshilanishi bilanoq shifoxonadan chiqarib yuborilgan.