O‘zbekiston | 10:06 / 12.09.2015
23394
2 daqiqa o‘qiladi

Makka shahrida yuz bergan baxtsiz voqea vaqtida o‘zbekistonlik ziyoratchilar jabr ko‘rmagani ma'lum qilindi

Joriy yilning 11 sentabr kuni soat 16.00 dan so‘ng Makka shahrida kuchli bo‘ron boshlandi. Tabiiy ofat oqibatida “Haram” masjidining kengaytirish ishlari ketayotgan janubiy qismida joylashgan kranlardan biri masjidning «Ka'batulloh» atrofida “tavof” amali bajariladigan maydonining janubiy qismiga qulab tushdi.

Saudiya Arabistoni Fuqaro mudofaasi tomonidan berilgan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, baxtsiz hodisa natijasida 107 nafar odam halok bo‘lgan, 238 nafari tan jarohatlari olgan.

Makka shahri mutasaddi tashkilotlari tomonidan qutqaruv ishlari tashkil etildi. “Haram” masjidi va uning yon-atrofidagi ko‘chalar bir soat davomida yopildi.

Ishchi guruh tomonidan o‘zbekistonlik hojilarni tashuvchi avtobuslarning harakati to‘xtatildi. Shaharda tabiiy ofat oqibatlarini tugatish ishlari oxiriga yetgunga qadar ziyoratchilarning mehmonxonadan chiqishlari cheklandi. Bo‘ron boshlangan vaqtda mehmonxonadan tashqarida bo‘lgan hojilarni qaytarish choralari ko‘rildi.

11 sentabr holatiga ko‘ra Makka shahrida hozir bo‘lib turgan 2683 nafar o‘bekistonlik ziyoratchi mavjud. Ziyoratchilarning asosiy qismi tabiiy ofat vaqtida mehmonxonada bo‘lgan.

Haramda bo‘lgan ziyoratchilarimiz sog‘-salomat mehmonxonaga yetib kelishgan. O‘zbekistonlik hojilar orasida talofat ko‘rganlar yo‘q.

Soat 24.00 da hojilarni “Haram”ga tashuvchi avtobuslarning harakati qayta yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda hojilarimiz ibodatlarini davom ettirishmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish