12:38 / 12.09.2015
4417

Vengriya bosh vaziri suriyalik qochqinlarga kelgan joylariga qaytib ketishni tavsiya qildi

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Bild gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, Yevropaga kelayotgan muhojirlar oqimi Yaqin Sharqdagi urush harakatlari emas, balki yaxshiroq hayot izlash bilan bog‘liq.

“Haqiqatdan ushbu muhojirlar urush harakatlari borayotgan hududlardan emas, balki Suriya bilan qo‘shni bo‘lgan: Livan, Iordaniya, Turkidagi qochqinlar lagerlaridan chiqib kelishmoqda. U yerda muhojirlar xavfsizlikda edi. Ushbu odamlar Yevropaga xavfsizlik istab kelishmayapti. Ular lagerlardagidan ko‘ra yaxshiroq hayotni qidirishmoqda, – dedi hukumat rahbari. – Eng yaxshi hayot uchun fundamental qoidalar bo‘lmaydi, faqat xavfsizlik va insoniy hurmat-e'tibor qoidalari mavjud”.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi bir qator mamlakatlarda qurolli mojarolarning avj olishi natijasida mazkur hududlardan Yevropaga o‘tuvchi qochqinlar soni keskin oshib ketdi. Yanvar-sentabr oylarida ular soni 351,3 ming nafarga yetgan bo‘lsa, 200 mingi kemalarda O‘rta Yer dengizi orqali suzib o‘tgan. Ayrim mutaxassislar taxminiga ko‘ra, muhojirlar oqimi 1 mln nafardan ortishi mumkin.

Top