Sport | 11:54 / 13.09.2015
4175
2 daqiqa o‘qiladi

"Bavariya"ning "Augsburg"ga qarshi o‘yinida xato tufayli penalti belgilagan hakam xatosi uchun uzr so‘radi

12 sentabr kuni Bundesliganing 4-turi doirasida o‘tkazilgan "Bavariya" va "Augsburg" bahsini boshqargan hakam Knut Kirxer mezbonlar foydasiga xato qilganini tan oldi.

O‘yinning oxirgi daqiqalari davom etayotgan vaqtda tabloda 1:1 hisobi yonib turgan, "Augsburg" kuchli raqib maydonidan ochko olib qaytish arafasida edi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar a'zosi Duglas Kosta raqib jarima maydoni ichida himoyachilardan biriga borib urilib, yiqildi va yon qanot hakami fol qayd etdi. Natijada bosh hakam tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima nuqtasidan "Bavariya" hujumchisi Tomas Myuller unumli foydalanib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.

"Laynsmen o‘sha vaziyatda o‘yin qoidasi buzilganiga meni ishontirdi va men unga asoslanib qaror qabul qildim. Vaziyat tasvirini qayta ko‘rib chiqqanimda esa xato qilganimni angladim. Bu xato tufayli "Augsburg" ochkodan mahrum bo‘ldi, buning uchun qattiq afsusdamiz", deydi Kirxer Goal.com nashriga bergan intervyusida.

Ma'lumot uchun, "Bavariya" ushbu g‘alabadan keyin ochkolari sonini 12taga yetkazib oldi va yo‘qotishlarsiz ketayotgan "Borussiya D" bilan birgalikda turnir jadvalida qo‘shhokimlik o‘rnatgan.