Jamiyat | 09:03 / 13.09.2015
2720
1 daqiqa o‘qiladi

Minglab madridliklar YeIdan muhojirlarni qabul qilishni talab qilgan holda namoyish o‘tkazishdi

Ispaniya poytaxti Madrid shahrida ko‘p minglab kishilar ishtirokida suriyalik muhojirlarni qo‘llab-quvvatlovchi tinch namoyish o‘tkazildi. Bu haqda France 24 xabar bergan.

Qayd etilishicha, shahar aholisi vakillari ko‘chalarga chiqishgan va Yevropa Ittifoqidan muhojirlarni kvota asosida o‘z hududlariga taqsimlashni talab qilishgan.

Madridlik namoyishchilar ko‘tarib olgan plakatlarda "Chegaralarni oching", "Muhojirlarning hayotini qadrlang" kabi shiorlar bo‘lgan.

Xuddi shunday namoyishlar Yevropaning Berlin, Lissabon, Kopengagen va London kabi shaharlarida ham o‘tkazildi.

O‘z navbatida, Sharqiy Yevropadagi Varshava, Bratislava hamda Praga shaharlarida, aksincha Yaqin Sharqdan kelayotgan qochqinlarni Yevropaga kiritmaslikni talab qiluvchi kishilarning namoyishlari bo‘lib o‘tdi.

Biroz oldinroq, Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker YeI yana 120 ming nafar atrofidagi muhojirni qabul qilishi kerakligini aytgandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish