Jahon | 07:33 / 13.09.2015
9842
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qiroli Makkadagi baxtsiz voqea ro‘y bergan hududga tashrif buyurdi

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon Abdulaziz Ol Saud 11 sentabr kuni qurilish krani qulashi oqibati 100dan ortiq ziyoratchilar halok bo‘lgan joy, Makka shahridagi "Haram" masjidiga tashrif buyurdi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, Saudiya qiroli ushbu baxtsiz voqea tufayli jarohatlanganlar yotqizilgan shifoxonaga kelgan va hodisa bo‘yicha olib borilayotgan tergov jarayoni bilan tanishdi.

Dastlabki xabarlarda bu fojiaga kuchli shamol sabab bo‘lgani aytilgan, ammo hali hukumat bu borada rasmiy bayonot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, 11 sentabr kuni Saudiya Arabistonining Makka shahridagi Al-Harom masjidi ustiga hududda davom etayotgan kuchli shamol tufayli qurilish krani qulab tushdi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu fojia oqibatida 107 kishi halok bo‘lgan va 238 kishi jarohatlangan.

O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati ham Makka shahrida yuz bergan baxtsiz voqea vaqtida o‘zbekistonlik ziyoratchilar jabr ko‘rmagani haqida ma'lum qilgandi.

Shuningdek, O‘zbekiston TIV: Makkadagi baxtsiz voqea tufayli halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini aytdi.

Ushbu fojia tufayli halok bo‘lgan ziyoratchilar nomsiz qabrlarda dafn qilinadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish