Jahon | 10:06 / 14.09.2015
5887
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Rossiya va oligarxlarni Ukraina uchun ikki asosiy dushman deb atadi

Ukraina hukumati Minsk kelishuvlariga amal qilinishini mamlakat sharqida tinchlik o‘rnatilishi uchun asosiy shart, deb hisoblaydi. Bu haqda Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko yakshanba, 13 sentabr kuni AQShda chop etilgan Amerikaning The Washington Post, Britaniyaning The Independent va Germaniyaning Die Welt gazetalari hamkorligidagi intervyuda ma'lum qildi.

“Bu Ukraina tomoni orzu qilayotgan narsani talab qiladi, – dedi u. – Vaqtinchalik sulh – Minsk kelishuvlarini bajarishning dastlabki sharti hisoblanadi”.

Poroshenko, shuningdek, Donbassda Kiyev bilan kelishmasdan saylovlarni o‘tkazish mazkur shartnomani xavf ostida qoldiruvchi “qizil chegara” sifatida qabul qilinishini ta'kidlab o‘tdi.

Uning fikricha, agarda bu sodir bo‘lsa, “reaksiyalar” oqibatidan qochishning imkoni qolmaydi. “Qanday reaksiyalar haqida gapirayapmiz?” deya bergan savoliga ukrain yetakchisining o‘zi javob berdi: “Sanktsiyalar”.

“Agarda Rossiya Minsk jarayonini to‘xtatishga urinsa, agarda Rossiya qizil chegarani bosib o‘tsa, bizga ikki narsa kerak bo‘ladi, – davom ettiradi Poroshenko. – Ulardan biri, bu – sanksiyalar. Menimcha, AQSh sanksiyalar yo‘lidan borishda davom etadi. Ikkinchisi esa Ukraina bilan hamjihatlik. Nafaqat siyosiy va iqtisodiy hamjihatlik, balki bu bizga samarali mudofaa kuchlarini tashkil etishimiz uchun ko‘mak ko‘rsatishni ifoda etuvchi birdamlikdir”.

Ichki muammolar to‘g‘risida berilgan savollarga javob berar ekan, Ukraina yetakchisi ularning eng asosiylaridan biri oligarxiya ekanini ta'kidlab o‘tdi.

“Hozirda oldimizda ikki xavf mavjud. Birinchi raqamli xavf – Rossiya, ikkinchisi esa boy-badavlatlar. Biz ikkisiga ham asosiy diqqat qaratganmiz”.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish