16:20 / 14.09.2015
7075

Qirg‘izistonda 1.5 yoshli qizaloq o‘gay otasining zo‘ravonligi qurboni bo‘ldi

Jalolobod viloyatining So‘zoq tumanida istiqomat qiluvchi 34 yoshli erkak, oradan 2 yil o‘tib, o‘gay qizini o‘ldirganligini tan oldi. Bu haqda Turmush nashri xabar bermoqda.
2013 yilning mart oyida So‘zoqning tog‘li qishloqlaridan birida 1.5 yoshli Rayana ismli qizaloq o‘ldirilgan edi. U 2011 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 2 yoshga to‘lib ulgurmay o‘gay otasining zo‘ravonligi oqibatida halok bo‘lgan edi. Oradan 2 yil o‘tib, erkak o‘z jinoyatini tan oldi va qizni qayerga ko‘mganligini ko‘rsatdi. 11 sentabr kuni qizning tanasi eksgumatsiya qilindi.

Aytilishicha, erkak qizaloqni mast holda o‘ldirib qo‘ygan.

“Bir kuni ishdan qaytganimda, Olmagul (qizning onasi) qizaloq joniga tekkanligini aytdi va uni qo‘rqitishni so‘radi. Men uni olib o‘choq ichiga tiqib qo‘ydim. Qaytib chiqarganimda, qizning boshi kuygan bo‘lib, u tinimsiz yig‘lardi. Shunda men uni o‘choq plitasiga o‘tqazib qo‘ydim. Uning ishtoni kuyib, tanasiga yopishib qoldi. Biz unga qarab, tuzatib oldik. Oradan 10 kun o‘tgach, men mast holda uyga kelib, uni antenna simi bilan 5-6 marta urdim. Men uni tinchlantirishga harakat qildim, tinchlanmagach, ikki marta tarsaki tushirdim. Shundan so‘ng u xushini yo‘qotdi, 15-20 daqiqadan so‘ng esa oyoq-qo‘li qimirlashdan to‘xtadi, tanasi sovub qoldi”, - hikoya qilib berdi erkak.

Aytilishicha, u rafiqasini qo‘rqitib, jinoyatni fosh qilmaslikni talab qilgan. Oradan vaqt o‘tib, ular ajrashib ketishgan va boshqa oila qurishgan.

Top