Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
15 sentabrdan “Barkamol avlod” bolalar markazlarida yangi o‘quv yili boshlanadi
O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida respublikadagi barcha umumta'lim maktablarida turli fan to‘garaklari, chet tili to‘garaklari, sport seksiyalari faoliyatini tashkil etish, “Barkamol avlod” bolalar markazlari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda bolalar musiqa va san'at maktablarida mashg‘ulotlarning muntazam o‘tkazilishini ta'minlash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2015 yilning 15 sentabridan respublikadagi mavjud 211 ta “Barkamol avlod” bolalar markazlarida yangi o‘quv yili boshlanadi. Shu munosabat bilan mazkur markazlarda o‘quvchilar va ularning ota-onalari, ta'lim muassasasi xodimlari va jamoatchilik vakillari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, bunda markazlardagi mavjud imkoniyatlar va faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garaklar haqida batafsil ma'lumot beriladi.
Hozirgi kunda respublikadagi mavjud “Barkamol avlod” bolalar markazlarida uchta (badiiy ijodiyot, texnik ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya) yo‘nalishda 36 nomdagi 4461 ta to‘garaklarga 108 mingdan ortiq nafar o‘quvchi qamrab olingan. Ular o‘rtasida badiiy ijodiyot yo‘nalishida “Bichish-to‘qish”, “Yosh musavvir”, texnik ijodiyot yo‘nalishida “Boshlang‘ich texnik modellashtirish”, “Kompyuter dizayni va grafikasi”, o‘lkashunoslik va ekologiya yo‘nalishida “Oila va salomatlik”, “Yosh tabiatshunos” kabi to‘garaklarga qiziqish ortmoqda.
Joriy o‘quv yilidan “Barkamol avlod” bolalar markazlari to‘garak a'zolari o‘rtasida “Bolalar texnik ijodkorligi” festivali, “Barkamol avlod” bolalar ijodiyoti festivallari kabi yangi turdagi respublika tadbirlari hamda “Baxtli bolalik” fotosuratlar tanlovi, “Milliy taomlar” festivali, “Gullar va qushlar” bayrami, “Moziydan kelajakka sayohat” shiori ostida tarixiy va zamonaviy obidalar bo‘ylab sayohlik marafoni kabi mahalliy tadbirlar ham joriy etilmoqda.
“Barkamol avlod” bolalar markazlaridagi to‘garaklarda qatnashish uchun viloyat markazlari, Nukus va Toshkent shaharlarida badal to‘lovi oyiga eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida va respublikaning boshqa tumanlari(shaharlarida) eng kam oylik ish haqining 5 foizini tashkil qiladi. Ota-onalar to‘lovidan tushgan mablag‘lar to‘garak ishlari uchun zarur bo‘lgan materiallar va xom-ashyolar xarid qilinadi.