Jahon | 19:29 / 15.09.2015
2445
2 daqiqa o‘qiladi

BAAdan Hindistonga “IShID” bilan aloqadorlikda gumon qilingan 4 nafar hind deportatsiya qilindi

“IShID” terrorchilik guruhi bilan aloqadorlikda gumon qilingan 4 nafar hind BAAdan deportatsiya qilindi va Hindiston maxsus xizmatlariga topshirildi. Bu haqda India TV telekanali ma'lum qildi. 

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, ular ikkita reys orqali uylariga jo‘natilganlar. Gumonlanuvchilar bo‘lgan samolyotlar Hindistonning janubidagi Kerala shtatidagi Trivandrum va Karipur aeroportlariga yetib kelgan. Bu yerda ularni maxsus xizmat xodimlari kutib olgan. Qayd etilishicha, ayni paytda ular gumonlanuvchilarni so‘roq qilmoqdalar.

Bu Hindiston fuqarolarining terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilinib BAAdan deportatsiya qilinayotgan ikkinchi holatdir. 11 sentabrda BAA maxsus xizmatlari “IShID” safiga jangarilarni yollagan hindistonlik ayolni qo‘lga olib, uni Dubaydan chiqarib yuborgan edilar. Maxsus xizmat xodimlarining ma'lumotlariga ko‘ra, Nikol Jozef taxallusi ostidagi ayol ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarni “IShID” safiga yollagan. Ayolni jinoyat ustida qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lindi. U turmush o‘rtog‘i va uch nafar qizi bilan vataniga jo‘natib yuborildi. Ayolni vatanida tergov va sud kutmoqda.
Hindiston razvedka byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, “IShID” safiga 20 ga yaqin hind kirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish