O‘zbekiston | 12:21 / 15.09.2015
7602
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada 14 mlrd so‘m mablag‘ evaziga yangi suv sporti saroyi qurildi

Farg‘ona shahrida yangi bunyod etilgan muhtasham sport koshonasi – suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi. Bu haqda UzA xabar bergan.

"Prezidentimizning 2011 yil 15 noyabrdagi “2012-2015 yillarda Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish, ijtimoiy va transport-kommunal infratuzilmasi obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida shaharda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zamonaviy korxonalar, ta'lim va tibbiyot muassasalari, sport majmualari va stadionlar, yo‘llar, xiyobonlar barpo etilayotir", deyiladi xabarda.

Farg‘ona shahrida bunyod etilgan Suv sporti saroyi “Quvasoyta'mirqurilish” mas'uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qurilgan.

14 milliard 700 million so‘mlikdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur yopiq suzish majmuasida barcha sharoit yaratilgan. Suv havzasi, mashg‘ulot va trenajyor zallariga ega ushbu majmuada bolalar suzish, sinxron suzish, suv polosi kabi sport turlari bilan shug‘ullanadi. Bir vaqtning o‘zida bu yerda 120 nafar o‘g‘il-qiz shug‘ullanishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish